Hurmatli foydalanuvchilar, Sizlarni Davlat statistika qo`mitasi tomonidan joriy yilning 1 iyunidan 30 sentyabrigacha “Taqdim qilinayotgan statistik ma`lumotlarning sifatidan foydalanuvchilarning qoniqish darajasini baholash” bo`yicha o`tkazilayotgan so`rovnomada, savolnomani to`ldirish asosida ishtirok etishga taklif qilamiz.

TADBIRKORLAR UCHUN

Ma’lumki 2018 yil 1 sentabrdan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qо‘yish tо‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasining egasi bilan ochiq muhokama о‘tkazilganidan sо‘ng, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yо‘l qо‘yilishi belgilangan edi. Bu ishlarni yanada yaxshilash, mulk huquqini himoya qilish maqsadida 2019 yilning 3 avgust kuni О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi qabul qilindi.

Unga asosan 2019 yil 5 avgustdan boshlab, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalarini olib qо‘yish hamda kо‘chmas mulk obyektlarini buzish ishlari uch bosqichda amalga oshiriladigan bо‘ldi. Birinchi bosqichda hokimlar tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bо‘yicha materiallar tо‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Ikkinchi bosqichda Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari bо‘yicha va moliyaviy hisob-kitoblar bо‘yicha xulosalar tayyorlanadi. Uchinchi bosqichda materiallar Bosh vazirga kо‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi. 

Mazkur farmoyish bilan yer uchastkalari olib qо‘yilishi munosabati bilan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan о‘tkazish bо‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar tarkibi, xatlovdan о‘tkazishga kо‘maklashish uchun hududlarga biriktiriladigan mas’ullar rо‘yxati, xatlovdan о‘tkazish hamda ularni qoplashda yо‘l qо‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bо‘yicha “yо‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Xatlovdan о‘tkazish bо‘yicha ishchi guruhiga qо‘yidagi vazifalar yuklatildi.
Birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararlarni joylarga chiqqan holda xatlovdan о‘tkazib, ularning qonunchilikka muvofiq bozor qiymati asosida haqqoniy va adolatli miqdorini belgilash. Ikkinchidan, yetkazilgan zararlarni qoplashning aniq manbalari belgilanish, agar zarar mansabdor shaxsning noqonuniy qarori qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan bо‘lsa – mazkur mansabdor shaxslardan regress tartibida undirib olish. Uchinchidan, aybdor mansabdor shaxslarga javobgarlik choralari kо‘rish hamda qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish.

Shuningdek, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinadigan bо‘ldi. Birinchidan, davlat dasturlari, yirik investitsiya va boshqa loyihalarni hududdagi kо‘pchilik aholining fikrini inobatga olgan holda amalga oshirish.

Ikkinchidan, yer uchastkalari olib qо‘yilishida ularda joylashgan kо‘chmas mulk obyektlarining mulkdorlari bilan ochiq muhokamalar о‘tkazgan holda eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi obyektlari, shu jumladan foydalanilmayotgan obyektlar bilan band bо‘lgan yer uchastkalarini tanlab olish.

Uchinchidan, hokimlar tomonidan yer uchastkalarini olib qо‘yish haqida qaror qabul qilish uchun ushbu hududda joylashgan turar va noturar kо‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining roziligini olish hamda yer uchastkasi olib qо‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash bо‘yicha yozma kelishuv tuzish.

Bulardan tashqari, yer uchastkalari noqonuniy olib qо‘yilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqiladigan bо‘ldi. Mazkur farmoyish yer uchastkalarini olib qо‘yish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladi.

Maqsad jismoniy va yuridik shaxslarning turar hamda noturar joylarini asossiz buzishni oldini olish,  ularga yetkazilgan zararlarni о‘z vaqtida qoplashga qaratilgan. Viloyat hokimligi tomonidan farmoyish ijrosini ta’minlash choralari kо‘rilgan.

Abdishukur Omonov,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari.

Manba: qashqadaryo.uz 

Qishloq xo‘jaligi

Ayni paytda viloyatimiz qishloq xo‘jaligida yana bir muhim tadbir - g‘alladan bo‘shagan suvli maydonlarga takroriy ekin ekish ishlari davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aktam Yo‘ldoshev bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi.

Qancha yerda takroriy ekin ekiladi?

- Joriy mavsum viloyatimizda 204 ming 800 gektar yer maydoni boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan. Shundan 63 ming gektari lalmi yer bo‘lsa, 141 ming 800 gektari suvli maydonlardir.

Tabiiyki, ana shu suvli maydonlarning katta qismida to qish-qirovli kunlar kelguniga qadar yana bir marotaba mos ekin turlarini ekib, hosil olish imkoniyati mavjud. Bu ayniqsa, dehqon va fermer xo‘jaliklarining daromadi va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, aholining foydali mehnat bilan bandligini ta’minlash va eng asosiysi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligiga erishish, aholining sifatli, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash hamda eksportbop mahsulot turlarini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqqan holda, viloyatimizda takroriy ekinlar ekish bilan bog‘liq ishlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-martdagi "2019-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz   hajmlari to‘g‘risida"gi qarori hamda viloyat hokimining 2019-yil 1-apreldagi tegishli qarori bilan viloyatimizda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekishning prognoz ko‘rsatkichlari belgilab berilgan. Unga ko‘ra, joriy yilda viloyatda jami 38 ming 85 gektar, shu jumladan, 2880 gektarga sabzavot, 2086 gektarga kartoshka, 382 gektarga poliz, 500 gektarga kungaboqar, 3837 gektarga dukkakli hamda 28 ming 400 gektarga ozuqa ekinlari takroriy ekin sifatida ekilmoqda.

Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Mirishkor (6205 gektar), Koson (4870 gektar), Nishon (4287 gektar), Qarshi (3272 gektar) hamda Kasbi (3184 gektar) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Chiroqchi tumanida 2896, Shahrisabz tumanida 2677, Qamashi tumanida 2589, Yakkabog‘ tumanida 2565, Muborak tumanida 2162, G‘uzor tumanida 1910 hamda Kitob tumanida 1468 gektar maydonda takroriy ekinlar ekilishi belgilangan.

Ayni paytda bu borada zarur chora-tadbirlar belgilanib, ishlar olib borilmoqda. Shu kunga qadar aksariyat fermerlar g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinni ekib, undirib olishga ham erishdi.

Ekinlarni joylashtirishda iqlim-sharoit qanchalik inobatga olingan?

- Bilamizki, viloyatimizning barcha hududlari o‘ziga xos iqlim sharoitiga ega. Takroriy ekinlarni joylashtirishda ham bu jihat e’tiborga olinib, har bir hududning iqlim va tuproq sharoitiga mos ekinlar ekilishiga ahamiyat qaratilgan.

Misol uchun, poliz, dukkakli hamda ozuqa ekinlari ko‘p ham sharoit tanlamaydi. Yaxshi parvarishlansa, viloyatimizning barcha hududlarida undan yuqori hosil olish mumkin. Kartoshka esa boshqa ekinlarga qaraganda yuqori haroratga biroz chidamsiz. Ayniqsa, uni yozning jazirama pallasida, takroriy ekin sifatida ekib, rivojlantirish yanada e’tiborni talab etadi. Shu bois, viloyatimizda bu ekinni harorat biroz past va tuproq sharoiti mos bo‘lgan Kitob (500 gektar), Shahrisabz (550 gektar), Yakkabog‘ (550 gektar), Qamashi (220 gektar) va Chiroqchi (266 gektar) tumanlarida ekish mo‘ljallangan. Umumiy hisobda ushbu tumanlardagi 586 ta fermer xo‘jaligi bo‘sh yer maydonida takroriy ekin sifatida kartoshka ekilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan sifatli va yuqori navli kartoshka yetishtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 iyundagi "2019 yil hosili uchun qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga urug‘lik kartoshka yetkazib berish va ichki iste’mol bozorini ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli to‘ldirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, viloyatimizda kartoshka ekiladigan ushbu maydonlar uchun "Lavr Farm" mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijdan 1000 tonna urug‘lik kartoshka yetkazib berishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, iyul oyining dastlabki yarmidagi ma’lumotga asosan mazkur jamiyat tomonidan Shahrisabz tumaniga "Gala" navli R-1 avlodli 90 tonna, Yakkabog‘ tumaniga 29,2 tonna urug‘lik kartoshka keltirilgani aniqlandi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Qancha hosil jamg‘ariladi?

- Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, takroriy ekinlar yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘pligi hamda narx barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Viloyatimiz misolida oladigan bo‘lsak, agar belgilangan maydonlarda ushbu ekinlarni o‘z muddatida ekib, yaxshi hosil olinsa, bu 105 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari hamda 710 ming tonnadan ortiq yem-xashak yetishtirish imkonini beradi. Turlari bo‘yicha alohida oladigan bo‘lsak, 60 ming 244 tonna sabzavot, 5626 tonna poliz, 5623 tonna dukkakli mahsulotlar, 33 ming 581 tonna kartoshka hamda 800 tonna kungaboqar yetishtiriladi, deganidir.

Ishlar o‘z vaqtida bajarilishini kim nazorat qiladi?

- Vazirlar Mahkamasi hamda viloyat hokimining tegishli qarorlarida takroriy ekinlarni yetishtirish uchun talab etiladigan urug‘lik, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va boshqa xarajatlarning aniq qiymati hisoblanib, moliyalashtirish manbalari belgilandi. Har bir hududga mas’ul rahbarlar biriktirilib, ular zimmasiga ishlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Shundan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan barcha hududlarda ekin turlarining belgilangan tartibda joylashtirilishi, ta’minotchi korxonalar tomonidan urug‘lik, mineral o‘g‘itlar hamda yonilg‘i-moylash mahsulotlari yetkazilishidagi muammolar o‘z vaqtida o‘rganilib, fermer xo‘jaliklariga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

J.BOYMURODOV yozib oldi.

Manba:qashqadaryogz.uz

Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2018 йил 23 октябрдаги “Электр энергетикаси тармоғини жадал ривожлантириш ва молиявий барқарорлигини таъминлаш чора-тадбирлари тўғрисида” ПҚ-3981-сонли қарорига асосан 2019 йилда Қарши шаҳар худудидаги 60 мингдан ортиқ аҳоли истеъмолчиларини Электр энергиясини ҳисобга олиш ва назорат қилишнинг автоматлаштирилган тизимига (АСКУЭ русчада) ўтиш бўйича чоралар кўрилмоқда. Бу ҳақида 24 июль 2019 йил “Афсона” меҳмонхонасининг конференциялар залида “Қашқадарё ҳудудий электр тармоқлари” акциядорлик жамияти ва Оммавий ахборот воситалари вакиллари иштирокида “Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2019 йил 27 мартдаги “Ўзбекистон Республикасида электр энергетика тармоғини янада ривожлантириш ва ислоҳ қилиш стратегияси тўғрисида”ги 4249-сонли қарори моҳияти ҳамда “Қашқадарё ҳудудий электр тармоқлари” акциядорлик жамияти томонидан электр таъминотини янада яхшилаш борасида амалга оширилаётган ишлар” мавзусида ўтказилган матбуот анжуманида маълум қилинди.

«Ўзбекэнерго» АЖ қуйидагилар орқали Электр энергетика тармоғининг ишончли фаолият юритишини таъминламасдан туриб иқтисодиёт тармоқлари ва мамлакат ҳудудларининг саноат салоҳиятини ошириш, тадбиркорлик фаолиятини ривожлантиришни рағбатлантириш, аҳоли фаровонлигини юксалтириш ва ҳаёт сифатини яхшилашга эришиб бўлмайди.

Замонавий шароитларда электр энергетика тармоғида рақобат муҳитини ривожлантириш ва инвестицияларни жалб қилиш электр энергиясини ишлаб чиқариш ва етказиб бериш соҳасидаги фаолиятнинг институционал ва ташкилий-ҳуқуқий асосларини тубдан такомиллаштириш зарурлигини тақозо этмоқда.

2019−2021 йилларда электр энергетика тармоғи рақамлаштирилади.

Қарорга мувофиқ 2020−2030 йилларда мамлакатнинг ёқилғи-энергетика таъминоти концепцияси ишлаб чиқилади.

Энергетика вазирлигининг «Қишлоқэнерголойиҳа» АЖ негизида 0,4 кВдан 500 кВгача кучланишли барча типдаги электр тармоқларини лойиҳалаштирадиган «Ўзэнергоинжинеринг» АЖ лойиҳа ташкилоти ташкил этилди.

2019 йил 1 июлдан:

қуввати 10 МВтдан кўпроқ энергия истеъмол қиладиган корхоналарни қуриш ва ер майдонлари ажратиш тўғрисидаги қарор қабул қилингунга қадар республика ҳудудларида жойлаштириш Энергетика вазирлиги билан келишган ҳолда амалга оширилади;

хусусий ишлаб чиқарувчилардан электр энергияни харид қилиш танлов асосида ҳосил қилинаётган электр энергиянинг максимал қиймати кўрсатилган ҳолда амалга оширилади.

“Қашқадарё ҳудудий электр тармоқлари” акциядорлик жамияти томонидан истеъмолчиларнинг электр таъминотини янада яхшилашга қаратилган қатор ишлар амалга оширилмоқда. Жумладан, Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2018 йил 13-14 декабрдаги ташрифи давомида берилган топшириқлар ва кенгайтирилган тарзда ўтказилган “Қашқадарё вилоятини ижтимоий-иқтисодий ривожлантиришдаги мавжуд муаммолар ва уларни ҳал этиш юзасидан амалга оширилиши зарур бўлган чора тадбирлар тўғрисида”ги йиғилиш баёнининг 90-бандида белгиланган жами 730 км электр тармоқлари ва 230 дона трансформатор пунктлари реконструкция ва модернизация қилиниши ва 1960 км узунликдаги  электр тармоқлари ва 655 дона трансформатор пунктларини мукаммал таъмирланиши режалаштирилган бўлиб хозирги кунда 426,2 км электр тармоқлари ва 151 дона трансформатор пунктлари реконструкция ва модернизация қилинди, 1565,5 км узунликдаги  электр тармоқлари ва 521 дона трансформатор пунктларини  мукаммал таъмирланди.

Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2016 йил 23 ноябрдаги “2017-2021 йилларга мўлжалланган паст кучланишли электр тармоқларини модернизация қилиш ва янгилаш дастури тўғрисида”ги ПҚ-2661-сон Қарорига асосан 128,1 км  узунликдаги паст кучланишли электр тармоқлари ва 73 дона  трансформатор пунктида янги қурилиш ва реконструкция ишлари бажарилди.

Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2018 йил 29 мартдаги “Обод қишлоқ” дастури тўғрисидаги ПФ-5386-сон Фармони ҳамда 2019 йил 20 февралдаги ““Обод қишлоқ” дастурини 2019 йилда амалга ошириш бўйича  қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги ПҚ-4201-сонли Қарорига асосан  282,9 км узунликдаги электр узатиш тармоқлари ва 53 дона трансформатор пунктида янги қурилиш ва реконструкция ишлари бажарилди. Шунингдек, 406,4 км тармоқлар ва 220 дона трансформатор пункти мукаммал таъмирланди.

Худди шундай Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2018 йил  27 июндаги ““Обод маҳалла” дастурининг асосий параметрларини тасдиқлаш ва уларнинг ижросини таъминлаш масалалари тўғрисида”ги ПҚ-3812-сон Қарорига асосан 7,4 км узунликдаги электр узатиш тармоқлари ва 3 дона трансформатор пунктида янги қурилиш ва реконструкция ишлари бажарилди. 22,3 км электр узатиш тармоқлари ва 20 дона трансформатор пунктлари мукаммал таъмирланди.

Қашқадарё вилоятида қурилаётган намунавий уй-жойлар, хокимият раҳбарлари хизмат уйлари, профилактика инспекторлари, Миллий гвардия ходимлари ва ИИВ хизмат уйлари ҳамда ёш оилалар учун уйлар ва шаҳарлардаги арзонлаштирилган кўп қаватли уй-жойлар электр таъминоти учун жами 7,7 км электр узатиш тармоқлари ва 22 дона трансформатор пункти янгидан қурилди.

Иқтисодиёт тармоқлари, уй-жой фонди ва ижтимоий соҳа муассасаларини 2019/2020 йилларда куз-қиш мавсумида барқарор ишлашига тайёрлаш юзасидан амалга оширилган ишлар юзасидан 1565,5 км узунликдаги 0,4-110 кВ электр узатиш тармоқлари  ва 521 дона трансформатор пункти  мукаммал таъмирланди. 

Шунингдек, жамият томонидан электр энергетикаси соҳасидаги ислоҳотларнинг мазмун-моҳиятини аҳолига кенг тушунтириш ва тарғибот қилиш ҳамда амалга оширилган ишлар юзасидан оммавий ахборот воситалари орқали доимий чиқишлар ташкил қилинмоқда.

Ўтказилган матбуот анжумани жараёнида журналистлар ўзларини қизиқтирган саволларига етарлича жавоблар  олишди.

 

                                           Суратларни Мурод Комилов олган.

                                           Вилоят ҳокимлиги ахборот хизмати.

Manba: qashqadaryo.uz

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2018-yil davomida viloyatimizda 1 million 116 ming 300 tonna sut ishlab chiqarilgan. Buning 97,4 foizi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar, ya’ni aholi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘rinadiki, hudud aholisida chorva mahsulotlari yetishtirish borasida juda katta salohiyat mavjud. Ammo odamlar bu ishning ha-qiqiy daromadini his qilish uchun mahsulotga talab ham yuqori bo‘lishi lozim.

Misol uchun, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi vakillari uzoq yillar davomida molni asosan go‘shtga boqishgani, sut va sut mahsulotlari ortidan daromad olishga esa qiziqish bo‘lmagani sir emas. Sababi, sutni qayta ishlash kam kuzatilgan, xomashyoga talab ham shunga mos bo‘lgan. Bugun esa aksincha...

G‘uzor tumanida faoliyat yuritayotgan "Fauna klass" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan.

- Zamonaviy texnologiyalar asosida kefir, qaymoq, sariyog‘, pishloq, pishloq qalamchalari va shu kabi 10 turga yaqin mahsulotlar tayyorlaymiz, - deydi korxona ish yurituvchisi Rahim To‘rayev. - Mahsulotning bir qismini shartnoma asosida hududdagi korxona va tashkilotlarga yetkazib bersak, bir qismi ichki bozor orqali sotiladi. Har kuni talabga qarab 400 litrdan 1 tonnaga qadar sutni qayta ishlaymiz.

Korxona mas’ulining ta’kidlashicha, bir necha ishchi har kuni erta tongdan tumanning turli qishloq va mahallalariga borib, aholidan sut sotib oladi va shu sexga keltirib topshiradi. Bundan aholi ham manfaat ko‘rayapti, korxona ham.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Manba: qashqadaryogz.uz

Qishloq xo‘jaligi

Bu yil viloyatimizda 141 ming 800 gektar suvli hamda 63 ming gektar lalmi maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarishlanib, o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda.

Mavsum boshidan bugunga qadar viloyatda 3585 fermer xo‘jaligi tomonidan davlatga 500 ming tonnadan ko‘proq g‘alla sotildi. Bu belgilangan reja ortig‘i bilan bajarilganini anglatadi.

Ta’kidlash joiz, qish-bahor oylaridagi ob-havoning dehqonchilik uchun qulay kelishi, yog‘ingarchilikning mo‘l-ko‘lligi dehqonlarimizning ishiga yanada baraka bag‘ishladi. Xususan, boshoqli don ekinlari ham yaxshi rivojlandi. Ayni paytda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan, oxirigacha yig‘ib olish dehqonu fermerlarimiz, soha mutasaddilari oldida turgan eng mas’uliyatli vazifalardan biri hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, viloyatda mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida, shuningdek, joylardagi holatdan kelib chiqib, hududda 470 ta otryad shakllantirilib, ularga bir donadan zamonaviy o‘rim kombaynlari, bittadan ko‘chma ustaxona, yonilg‘i tashish vositalari, don tashish uchun 2847 dona tashish texnikalari (shundan 2054 dona yuk avtomobillari) biriktirildi. Bu o‘rim-yig‘im ishlarining yanada qisqa fursatlarda va sifatli bajarilishini ta’minlab berdi.

Xususan, bu yil 18 ming 100 gektar suvli maydonda g‘alla yetishtirgan Koson tumani mirishkorlari har gektardan o‘rtacha 52,8 sentnerdan, umumiy hisobda 95 ming 560 tonnalik ulkan don xirmoni bunyod etishni rejalashtirgan edi. E’tiborli jihati, ular bu dovondan viloyatda birinchi bo‘lib, ya’ni 18-iyun kuniyoq oshib o‘tishdi. E’tiborli jihati, tuman fermerlari tomonidan yaratilayotgan xirmon hamon bo‘y cho‘zishda davom etmoqda.

So‘nggi yillarda Mirishkor tumani dehqonlari ham g‘alla, paxta va pilla yetishtirish borasida doimo ilg‘orlar safida ekani hech kimga sir emas. Bu yil 22 ming 350 gektar maydonda g‘alla ekib parvarishlagan mirishkorliklar belgilangan rejani 19 iyun kuni bajarishdi. Shundan buyon ham o‘rim-yig‘im ishlari aslo susaygani yo‘q. Mirishkorliklarning xirmoni har tomonlama yuksalib bormoqda.

Bundan tashqari, Qarshi, Qamashi, Muborak, Kasbi, Nishon, G‘uzor tumanlarida ham belgilangan reja allaqachon uddalangan. Hali barcha hududlarda o‘rim ishlari jadallik bilan davom etayapti, hosil mo‘l.

O‘z o‘rnida aytib o‘tish joiz, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan, davlatga don sotishda yangi xarid narxlari belgilangani ham fermerlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2019-yil hosili uchun bug‘doyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining o‘rtacha narxi 1 million 200 ming so‘m miqdorida belgilandi. Shu bilan bir qatorda, yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘alla xarid narxiga 10 foizdan 25 foizgacha ustama, aksincha past bo‘lganida esa xuddi shu taxlitda chegirma qo‘llanilmoqda.

Bu degani, fermer rejada belgilangan 40 sentner o‘rniga har bir gektar uchun 61 senterdan hosil topshirsa, davlat topshirilgan donning har tonnasiga 1 million 200 ming so‘m emas, balki 25 foizlik ustama bilan, 1 million 500 ming so‘mdan pul to‘laydi. Bu fermerlarning davlatga ko‘proq don sotishdan manfaatdorligini oshirmoqda.

- 110 gektar yer maydonimiz mavjud, - deydi Kasbi tumanidagi "Xudoyqulov Panji Hazratqulovich" fermer xo‘jaligi rahbari Hasan Xudoyqulov. - Shuning 62 gektariga bug‘doy ekkan edik. Mehnatlarimiz samara berib, rejani ortig‘i bilan uddaladik. Daromadimiz kutganimizdan-da yuqori bo‘ldi.

Xalqimizda don haqida juda ko‘p rivoyatlar, maqollar mavjud. Ularda bug‘doy eng asosiy rizq-ro‘z manbai ekani ta’kidlanadi. Bu bejiz emas. Misol uchun, mamlakatimizda birgina ana shu ekin ortidan faqat qishloq xo‘jaligining o‘zida yuz minglab insonlarning bandligi ta’minlanadi. Ayni paytda don qayta ishlash korxonalari uchun muhim xomashyo hamdir. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan un va non mahsulotlari esa avvalo dasturxonimiz to‘kin-sochinligi, elu xalqimiz farovonligini ta’minlaydi. Shu bilan birgalikda, bug‘doy somoni, donni qayta ishlashdan olingan kepak, omuxta yem chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik kabi sohalar uchun o‘ta muhim ozuqa manbai hisoblanadi. Demakki, xirmonlarimizga to‘kilayotgan donning har hovuchi rizq, baraka mo‘l-ko‘lligidan dalolat beradi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Manba: qashqadaryogz.uz

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING PQ-3165-SON QARORI
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QO`MITASI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO`G`RISIDA