Sayt test rejimida ishlamoqda

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahri Qorasuv massivida qurilayotgan zamonaviy aholi massivini borib koʻrdi.

Prezidentimiz mamlakatimiz hududlariga tashriflari chogʻida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar qatori aholi uchun qulay yashash sharoiti yaratishga alohida eʼtibor qaratadi. Samarqand viloyatida ham keyingi yillarda bu borada salmoqli ishlar qilinmoqda.
 
Jumladan, Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini inobatga olib, 2018 yilgi dasturga qoʻshimcha ravishda koʻp qavatli arzon uylar qurish kiritilgan edi. Shunga muvofiq, Samarqand tumani Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, keng koʻlamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
 
2018 yilning oʻzida “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 32 ta 7 qavatli koʻp qavatli arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga moʻljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurib, foydalanishga topshirildi.
 
Shu bilan birga, hududda xususiy bogʻcha, shahar ichki ishlar boʻlimi, savdo va maishiy xizmat majmuasi, “Registon” supermarketi qurib bitkazildi. 540 oʻrinli umumtaʼlim maktabi qurilishi yakunlanmoqda.
 
Shu tariqa bu yerda qisqa fursatda zamonaviy aholi massivi qad rostladi. Yangi uylarda odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha qulayliklar eʼtiborga olingan. Har bir xonadon individual isitish qozonlari bilan taʼminlangan. Uylar oldida bolalar oʻyin maydonchalari barpo etilgan.
 
Davlatimiz rahbari Jasur Tursunqulov va Jamshid Kattaqulovlar oilalari koʻchib kirgan yangi xonadonlarni kirib koʻrdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi. Aholini arzon uy-joy bilan taʼminlashga eʼtibor bundan keyin ham kuchaytirilishini taʼkidladi.
 
Shu yerda Qorasuv massivida 2019 yilda foydalanishga topshiriladigan uylar loyihalari, jumladan, “Agromir bildings” kompaniyasi tomonidan Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida monolit usulida barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joylar taqdimotlari oʻtkazildi. Mazkur uylarning afzalligi tez va sifatli barpo etiladi. Masalan, 16 qavatli uyni bir oyda qurib bitirish mumkin, zilzilabardoshligi ham yuqori.
 
Joriy yilda “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan yangi massivda 7 qavatli 12 ta, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmasiga muvofiq 7 ta uy qurilishi jadal olib borilmoqda.
 
Prezidentimiz ushbu uylarni tez muddatda qurib bitirib, odamlarni oʻrgatish kerakligini taʼkidladi.
 
– Samarqand turizm markazi boʻlishi kerak. Shuning uchun bu yerda koʻp qavatli uylar qurilishini koʻpaytiramiz. Shahar markazida eng zamonaviy talablarga javob beradigan uylar qurilib, aholini taʼminlaymiz. Uylar bilan birga muhandislik tizimlari, infratuzilmalar ham rivojlantiriladi. Uylarni qurishdan oldin uning egasi, qaysi qavatda, necha xonali uyda yashashigacha aniq boʻlishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
 
Samarqand seysmik jihatdan ham qulay hududda joylashgani bois kelajakda viloyatning Kattaqoʻrgʻon, Urgut, Paxtachi, Narpay, Qoʻshrabot tumanlari markazlarida ham koʻp qavatli uylar qurilishi zarurligi taʼkidlandi.
 
UZA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Unda hukumat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Faol investitsiya siyosati barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb eʼlon qilindi. 

2019 yilgi Investitsiya dasturiga 16,6 milliard dollarlik 3 mingdan ziyod loyiha kiritilgan. Bu 2018 yilga nisbatan 16 foiz koʻpdir. Jumladan, joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard dollar boʻlgan 140 ta ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. 

Videoselektor yigʻilishida ushbu yirik va muhim loyihalarni oʻz muddatida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Qayd etilganidek, xorijiy davlatlar va investorlar bilan faol ish olib borilayotgani natijasida jami investitsiyalarning 25 foizini toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari tashkil etmoqda. Xususan, joriy yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 milliard dollar oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan. 

Prezident toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni soʻzsiz amalga oshirish, chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish hukumatning eng muhim vazifasi boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Investitsiyalarning asosiy qismini oʻzlashtirishni yilning oxirgi oylariga surish amaliyotiga chek qoʻyib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, toʻqqiz oylikda 70 foizga yetkazish zarurligi qayd etildi. 

Bu boradagi vazifalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari boʻyicha tahlil qilindi. Xorijiy investitsiyalar ulushi oʻtgan yilgiga nisbatan kamaygan soha va tarmoqlar koʻrsatib oʻtildi. Yil oxiriga qadar qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish, ularni toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarga talab yuqori boʻlgan soha va hududlarga yoʻnaltirish, ushbu resurslarning oʻzlashtirilishini nazoratga olish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Yigʻilishda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga hududiy loyihalarni amalga oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. 

Shu boradagi ishlar natijasida oʻtgan yili 1 milliard dollardan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirilgan, 133 ta yangi korxona ishga tushirilgan. Biroq hokimlar va ularning investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari ishni tashkil etishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygani oqibatida Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Fargʻona, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida ayrim obyektlar foydalanishga topshirilmay qolgan. 

Davlatimiz rahbari bunday loyihalarda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqish va ijrosini nazoratga olish yuzasidan topshiriq berdi. 

Joriy yilda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ishtirokida 209 ta hududiy loyiha amalga oshirilib, 1,9 milliard dollar yoki oʻtgan yilga nisbatan 2 barobar koʻp mablagʻ oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Yigʻilishda shu va mamlakatimiz elchilari koʻmagida shakllantirilgan qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga respublika idoralari rahbarlari masʼul etib biriktirildi. 

Endilikda hududlar va tarmoqlarda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar koʻlamini kengaytirish, ularni amalga oshirishda qatʼiy nazorat mexanizmini oʻrnatish uchun yangi tizim tashkil etilishi maʼlum qilindi. Unga muvofiq: 

birinchi – viloyat hokimlari har haftada bittadan tuman yoki shaharga borib, elchilar bilan aloqa oʻrnatgan holda, u yerga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini koʻradi. Xuddi shunday tarmoq rahbarlari ham har haftada bitta viloyatga borib, oʻsha joydagi korxonalari bilan birga amaldagi loyihalarni bajarishni jadallashtirish va qoʻshimcha investitsiya loyihalari boʻyicha ishni tashkil etadi. Zarur hollarda mahalliy rahbarlar va tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini ishlab chiqishni oʻrgatadi. Bosh vazir va uning oʻrinbosari elchilar ishtirokida hududlar va tarmoqlarga jalb qilingan xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish holatini muntazam muhokama qilib boradi. Natijalariga qarab, hokimlar va tarmoqlar rahbarlari ragʻbatlantiriladi yoki ularga nisbatan ish haqining 50 foizi miqdorida jarima qoʻllanadi. 

Hududlarga biriktirilgan respublika idoralari rahbarlari viloyat hokimlari va elchilar bilan birgalikda har bir tuman (shahar)da toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish holatini oʻrganib, ularning ijrosini jadallashtirish boʻyicha aniq choralar koʻradi. Shuningdek, qoʻshimcha loyihalar boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va xorijiy investorlarni jalb qiladi. 

Ikkinchi – Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hududlar va tarmoqlarning investitsiya loyihalari boʻyicha takliflarini umumlashtirib, samaradorligini baholaydi va yagona elektron “onlayn” bazani shakllantiradi. 

Uchinchi – Tashqi ishlar vazirligi hamda hududlarga biriktirilgan elchilar yagona elektron bazaga kiritilgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb qiladi. 

Toʻrtinchi – Vazirlar Mahkamasi saralab olingan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar bilan tegishli kelishuvlarni rasmiylashtirish choralarini koʻradi va ijrosini nazoratga olish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlaydi. 

Shavkat Mirziyoyev yangi loyihalarga investorlarni jalb qilishni yanada faollashtirish uchun har yili barcha hududlarda kamida bir marta xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida investitsiya forumlari oʻtkazish, shuningdek, xorijdagi yirik xalqaro investitsiya forumlarida yurtimiz tadbirkorlari ishtirokini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Tashqi ishlar vazirligiga joriy yilda hududlarda tashkil etiladigan investitsiya forumlari reja-jadvallarini shakllantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

– Eng muhimi, investitsiya loyihalarini toʻgʻri joylashtirish kerak. Bu borada investorlarning yagona talabi – loyiha moʻljallangan joy zarur infratuzilma tarmoqlariga ega boʻlishidir. Shuning uchun yaqinda urbanizatsiya jarayonini takomillashtirish boʻyicha Prezident qarorini qabul qildik. Bundan asosiy maqsad – infratuzilma mavjud va rivojlanishi qulay boʻlgan joylarga investorlar jalb qilinsa, sanoatning tizimli rivojlanishiga erisha olamiz. Sanoat bor joyda ish oʻrinlari va daromad boʻladi, uy-joylar, ijtimoiy obyektlar, shaharchalar barpo etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Videoselektor yigʻilishida yana bir muhim masala – xorijiy investorlar loyihasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xorijiy investorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish vazifasi qoʻyildi. 

Joriy yilda tijorat banklari xorijiy banklarning jami 740 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlarini jalb qilishi belgilangan. Yigʻilishda uzoq muddatli, past foizli toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy kredit resurslarini jalb qilish ishlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. 

Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ishtirokida ishonchli loyihalar portfelini shakllantirib borish tizimini yaratish masalasi ham muhokama qilindi. 

Joriy yilda 84 ta loyiha doirasida xalqaro moliya institutlari va donorlarning 2,7 milliard dollar mablagʻini oʻzlashtirish koʻzda tutilgan. Yigʻilishda bu loyihalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari kesimida tahlil qilinib, ularni oʻz muddatida va sifatli amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab berildi. 

Bundan tashqari, 2 ming 800 ta ijtimoiy soha va infratuzilma obyektini qurish va taʼmirlash rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari xalqimizning hayot sifatiga daxldor bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, sogʻliqni saqlash obyektlari, yoʻllar, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha belgilangan ishlarni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi. 

Videoselektor yigʻilishida Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosini tashkil etish yuzasidan koʻrilayotgan choralar haqida hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va viloyat hokimlarining hisobotlari tinglandi.

OʻzA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻtgan davr mobaynida elektrotexnika sanoati tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi, bu esa ishlab chiqarishning yangi turlarini oʻzlashtirgan holda mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini yaratdi. 

Shu bilan birga, 2017 yilda elektrotexnika sanoatiga kiritilgan investitsiyalarning salmogʻi respublika boʻyicha umumiy investitsiyalarning atigi 0,8 foizini, YAIM tarkibida elektrotexnika mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,5 foizni tashkil etdi. 

Sanoatda xomashyo bazasining chegaralanganligi xorijiy analoglari bilan solishtirganda uning tannarxi oshishiga sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlarning importida qoʻshilgan qiymat soligʻi muddatini kechiktirishga imkon yaratish va hisobga olish mexanizmining mavjud emasligi eksport qiluvchi tashkilotlarning aylanma mablagʻlari boshqa maqsadlarga jalb qilinishiga va xarajatlarning oshishiga olib kelmoqda. 

Elektrotexnika sanoati tashkilotlarining faoliyat samaradorligini yanada rivojlantirish va oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida: 

1. Elektrotexnika sanoati korxonalari, “Oʻzeltexsanoat” AK aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining: 

“Oʻzeltexsanoat” AK negizida uning mol-mulki va davlatga tegishli boshqa vositalarni, shuningdek, debitor va kreditor qarzdorligini (“Oʻzeltexsanoat” AKga tegishli xoʻjalik jamiyatlarining koʻchmas mulki va ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushi) bundan mustasno) oʻtkazgan holda Oʻzbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi) tashkil etish; 

“Oʻzeltexsanoat” AKga tegishli xoʻjalik jamiyatlarining koʻchmas mulki va ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushi)ni Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. 

2. Quyidagilar: 

ixtiyoriy asosda aʼzo boʻlgan elektrotexnika sanoati korxonalari 
va tashkilotlari “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi aʼzolari hisoblanishi; 

ijro apparatining tuzilmasini tasdiqlash “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi taʼsischilarining umumiy yigʻilishi qarori bilan amalga oshirilishi; 

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi va uning oʻrinbosarlari taʼsischilarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanishi; 

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi faoliyatini joriy taʼminlash va moliyalashtirish “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi aʼzolarining badal va ajratmalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin. 

3. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: 

xomashyoni qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha yagona kompleks sifatida, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qoʻllab-quvvatlash asosida sanoatni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish; 

ichki va tashqi bozorlarda elektrotexnika mahsulotlariga boʻlgan talab konʼyunkturasini oʻrganish va shu asosda mahsulotning yangi turlarini oʻzlashtirishda koʻmaklashish, ichki bozorni yuqori sifatli milliy elektrotexnika mahsulotlari bilan toʻldirish va uning eksport geografiyasini, shu jumladan, turli axborot resurslari va koʻrgazma tadbirlarida milliy brendlarni ilgari surish va elektrotexnika sanoati korxonalari salohiyatini namoyon etish orqali kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologik ishlab chiqarishni oʻzlashtirish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, chet el investitsiyalarini keng jalb qilishga koʻmaklashish, sanoatni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qoʻshma ishlab chiqarishni tashkil etish; 

elektrotexnika sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talablar va standartlar bilan uygʻunlashtirish orqali uni takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish; 

hududlar salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollari, xomashyo bazasi, infratuzilma, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqqan holda elektrotexnika sanoati korxonalarini joylashtirishga koʻmaklashish; 

elektrotexnika sanoati sohasida kadrlarni tayyorlashga boʻlgan real ehtiyoj va istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarni takomillashtirishda ishtirok etish, mazkur sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish; 

sanoatni jadal rivojlantirishga va elektrotexnika sanoati korxonalarining barqaror faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish. 

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Sino” AJ davlat aksiyalari paketini investorlarga tanlov asosida “nol” xarid qiymati boʻyicha korxonaning kreditorlar oldidagi qarzini toʻlash bilan bir vaqtda korxonaning faoliyatini sogʻlomlashtirish uchun investitsiyalar kiritish sharti bilan topshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining: 

TIF TN kodlari 7411 guruhi boʻyicha mis quvurlar eksportiga qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasini qoʻllash; 

TIF TN kodlari 7407-7410 va 7412-7419 guruhlari boʻyicha misdan yasalgan mahsulotlar eksportiga qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasini xarid qilingan mis boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining 50 foizini hisobga kiritish, qolgan yarmini korxona xarajatlariga oʻtkazgan holda 2020 yilning 1 yanvariga qadar qoʻllash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin. 

6. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga 2022 yilning 1 yanvariga qadar oʻzining asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar, shuningdek, ular tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida olib kelinadigan qurilish materiallari importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni 120 kunga kechiktirish imkoniyati berilsin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni kechiktirish boʻyicha qarzdorlik summasini qoʻshilgan qiymat soligʻi yuzasidan umumiy hisob-kitobda yopishni nazarda tutuvchi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga kechiktirish imkoniyatini berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 

7. Belgilab qoʻyilsinki, 2022 yilning 1 yanvariga qadar: 

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi mol-mulk soligʻi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod etiladi; 

shartnomalar boʻyicha tashkilotlarning “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazadan chiqariladi. 

8. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Elektrotexnika sanoatida amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin: 

amaldagi elektrotexnika korxonalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish boʻyicha 153,8 million AQSH dollari miqdoridagi 22 ta investitsiya loyihalarini 2019-2021 yillarda amalga oshirish; 

2021 yilga yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini 2 baravarga oshirish; 

2021 yilda tayyor elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlarning eksport hajmini 400 million AQSH dollari miqdoriga erishish; 

loyiha qiymati 500 million AQSH dollari boʻlgan istiqbolli innovatsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish. 

9. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda elektrotexnika sanoati korxonalarining alohida sarf-xarajatlarini, shu jumladan, oʻzlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishdagi transport xarajatlarini subsidiyalash mexanizmini qoʻllash boʻyicha xorijiy mamlakatlarning tajribasini tatbiq etish imkoniyatini oʻrganib chiqsin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda elektrotexnika sanoatiga investorlarni va xorijning yetakchi elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish choralarini koʻrsin. 

11. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi ikki oy muddatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini operativ tarzda roʻyxatga olishda koʻmaklashish va sohani yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin. 

12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi: 

“Oʻzikkilamchiranglimetall” AJ va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz quyma quvvatlarida yoki tegishli rangli metallarni ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarda mahsulot tannarxini pasaytirish uchun ishlab chiqarishga qayta ishlangan xomashyoni takroran jalb etgan holda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish natijasida hosil boʻladigan rangli metallar parchalari va chiqindilarini qayta ishlash mexanizmini yaratish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin; 

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda boʻsh turgan ishlab chiqarish obyektlari negizida elektrotexnika sanoati ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalari (texnoparklari)ni tashkil etish boʻyicha takliflar kiritsin. 

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021yillarda elektrotexnika sanoatini boshqarishni yanada takomillashtirish, uni jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017 yil 13 fevraldagi PQ-2772-son qarorining 13-bandida belgilangan imtiyozlarning amal qilishi mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida, xomashyo tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalardan tashqari, respublikaning barcha elektrotexnika sanoati korxonalariga tatbiq etilsin. 

14. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi elektrotexnika sanoati korxonalari bilan birgalikda 2019 yil 1 fevralga qadar kadrlar tayyorlash ehtiyojidan kelib chiqib, elektrotexnika sanoati uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shu jumladan, taʼlimning talab yuqori boʻlgan yangi yoʻnalishlarini ochish hamda tahsil olayotganlarning elektrotexnika sanoati korxonalari va tadqiqot muassasalari negizida malaka amaliyoti oʻtashi boʻyicha takliflarni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga kiritsin. 

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlari doirasida oʻtkaziladigan tenderlar, tanlovlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun 20 foizgacha boʻlgan narx preferensiyasi mexanizmini joriy etishni nazarda tutuvchi davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin. 

16. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Furqat koʻchasi, 1-uyda bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin. 

Bunda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi mazkur obyektni rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashni ilgari belgilangan manbalar hisobidan tugatishni taʼminlasin. 

17. Adliya vazirligi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S.Otajonov zimmasiga yuklansin.

 
 


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOYEV
 
UZA
Kelgusi yilda tadbirkorlik, biznes uchun yanada qulay muhit yaratish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini koʻpaytirish, pensiya taʼminotini yaxshilash boʻyicha ham koʻp ishlar qilinishi kerak.
 
Shularning barchasi hisobga olinib va 2018-yilda boshlangan ishlarining mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz kirib kelayotgan yangi – 2019-yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berishni taklif qildi.
 
OʻzA

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boshlandi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Toshkent shahrida 2017-yili yalpi hududiy mahsulot 5 foizga oʻsgani qayd qilindi. Joriy yilda bu koʻrsatkich 8,1 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, joriy yil yakuni boʻyicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 9,2 foizga, qurilish ishlari 11,6 foizga, xizmat koʻrsatish 10,5 foizga oʻsishi kutilmoqda. Bu mamlakatimiz boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlardandir.

Prezidentimiz Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi. Toshkent shahrini yirik ishbilarmonlik va moliya markaziga aylantirish boʻyicha strategiya ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

- Bugungi globallashuv davrida iqtisodiyotga investitsiyalarni faol jalb etib, biznes uchun qulay sharoitlar yaratib berayotgan shaharlar jadal rivojlanmoqda. Toshkent shahrini yuqori texnologik sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, bank, moliya, sugʻurta va boshqa zamonaviy xizmatlar koʻrsatadigan yirik xalqaro markazga aylantirishimiz zarur. Shahar atrofi sanoat zonalari, shahar ichi esa innovatsion hudud boʻlishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy soha, qurilish va kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, aholi va turistlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha ham istiqboldagi muhim vazifalar belgilandi.

Manba: President.uz